Б.Д.А.Б.К.Я

   Bir kuni uydan(24yil yashaganim) bir narsa topib olgandim. Kichik silliq temir parchasi. To'rtburchak: eniga 4 sm, bo'yiga 1 sm ham chiqmasa kerak. Unda chiroyli qilib Б.Д.А.Б.К.Я deb o'yib  yozilgan edi. Ikki tomonidan teshilgan: zanjir bilan bilakkami, bo'yingami taqib yurishga mo'ljallangan shekilli. Qiziqib onamdan bu narsa nimaligini so'radim.
   - Uning ikkinchi qismi ham bor. Unga Л.Б.Б.Б deb yozilgan. Dadang bilan ikkalamizning shiorimiz edi talabalik davrlarimizdan beri. Men ikkinchi qismini, dadang birinchi qismini taqib yurardik doim. Б.Д.А.Б.К.Я - bu dunyo asli bir kam yaralgan. Л.Б.Б.Б - lekin biz baxtli bo'lamiz.
   Menga bu buyum yoqqandi. Bu buyum tug'ma yurak kasali bilan tug'ilib, turmushga chiqish taqiqlangan, 30 ga kirmay o'lib ketadi deb bashorat qilingan ayolning kichkinagina kuchli narsasi bo'lgani uchun. Shunaqa tashxis bilan bitta emas to'rtta (shularning uchtasi egiz) farzandni dunyoga keltirgan onaning bir temir parchasiga yozilgan ishonchi bo'lganligi uchun. Va yana, mahalliychilik degan to'siq bor zamonda sevgisi uchun kurashgan ikki yoshning kelajakka qilingan ставка'si ekanligi uchun.
   Buni nega hozir yozganimning sababi: ancha yillardan beri yura olmay qolgan, kim nechta davlatlarda bo'lgan, ko'p o'qigan bir ayolning dunyoning asli bir kamligi, hozir hammasi yaxshi bo'lsa ham kelajakda hammamizni albatta bir armon kutishi haqidagi suhbatini eshitganim. Gaplari meni qo'rqitishni uddalay olgani. Odam uyiga kirib olgan yomon ins-jinslarni haydash uchun isiriq tutatadi-ku, shunga o'xshab ko'nglimni yorishtirish uchun men ham bir yorug' hodisani eslab qo'ydim. (:
Б.Б.Б.

Comments

Popular posts from this blog

O’zimga xat

"Ikat" haqida

"Kozerog qizlarni jinim suymaydi" ning 103 darajasi yohud diskriminatsiya va преджудисga to‘la matn.