"Ikat" haqida


 Dunyoda eng yaxshi ko‘rgan ishlarimdan biri chiroyli narsalarga anqayish. Ruschada восторг so‘zi bor-ku, ana shu so‘z bilan ifodalanadigan kechinmani bir qancha vaqtga ichingda yashatib turish. Восторг. Aytilishiyam, qandaydir, birinchi bo‘gin "vah" - hayratga ochilish, keyin "sstto" - qiziqishning kuchayib borishi va oxiridagi "rk" huddi nafasingiz ichiga tushib ketgandek, har qanday o‘ylardan ketib, ko‘rib turganingiz go‘zallik oldida jim bo‘lib qolish. Shunaqa tushuntirib bera oldim. 

   Men iste'molchi sifatida ko‘p tanqid qiladigan odamman. Shunchaki, hamma o‘zini hurmat qilishi, o‘ziga baland baho berishi tarafdoriman: ham mahsulotni yaratgan tomon, ham iste'molchi. Yaxshi mahsulot yaratganidan qoniqish va o‘zi mo‘ljalga olgan auditoriya e'tirofiga ega bo‘lish yaratuvchini ulug‘laydi. Iste'molchi esa bir inson mehnatini, vaqtini va o‘zini sarf etib yaratgan sifatli mahsulotga arziganidan qadri oshadi. Kritikligimning sababi ham, hamma o‘zini eng yaxshi narsalarga arzitishini xohlaganim. Ba'zan yoqmaganini tanqid qilmay, e'tibordan sekin o‘tkazvorishim mumkin. Lekin  bir gardsiz, menga yoqqan narsani ko‘rsam, maqtamasdan o‘tib ketolmayman. Hozir ham maqtamoqchiman. Zo‘r TV dagi "Ikat" ko‘rsatuvini. 
  Youtubeda ko‘rdim. Videoning coverida avval "Garderob" ko‘rsatuvini olib borgan boshlovchining rasmini ko‘rib, uncha entuziazm bo‘lmadi ko‘rishga. Endi "Ikat"ni olib borarkan. Ammo mana bugungacha 10 ta sonini ko‘rgan bo‘lsam, aytishim mumkinki, shu qiz, menimcha, birorta ortiqcha gap gapirmadi. Kerakli joylarda kerakli so‘zlar bilan proyektni "qizitib" turdi. Qandaydir o‘zbekcha Tayra Benks, aslo kopiyasi emas. Yetarli darajada adekvat, ko‘rsatuv reytingiga yaxshi ta'sir qila oladigan darajada erkin (savollari-chi uning), yetarli darajada ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlaydigan boshlovchi bo‘libdi. 
   Butun proyektning eng yoqqan jihati - haqiqiylik. Dizaynerlar bahs olib boradi. Faqat ayollar. Ko‘p ayollar. Har xil ayollar. Xarakterlar. Intriga. Kelishmovchiliklar. Va albatta mayda gaplar. Shunga qaramay, hammasi shunaqa haqiqiy.. hamma bezigan soxta frazalar, qolgan kanallarda Xudoning bergan kuni takrorlanadigan gaplar yo‘q hisobi. Hayot qaynagan. Qisqa lavhalarda ishtirokchilar bir-birovi haqida nima deb o‘ylashini rostdan aytgan. Kimdir matosini boshqa birovdan qizg‘angan, kimdir arazlab ketib qolgan, taraf-tarafga bo‘lingan. Haqiqiy tuyg‘ular, haqiqiy o‘ylar, haqiqiy hayotiy voqealar bilan bo‘lishgan. Shou-da.
  Hakamlari kuchli, adolatli. O‘z vazifasiga jiddiy yondoshgan. Juda-juda qiziqarli topshiriqlar yuklanadi ishtirokchilarga. Shunchaki mavzu berib qo‘ymay, predmetlar, joylar, mashhurlar, umr lavhalaridan ilhom olib libos yaratishga undaydi shartlar. Operatorning ishi zo‘r. Anavi orada ketadigan moushin grafiks deydimi, qisqa roliklar bo‘ladi-yu (kiyim tikayotgan qiz ish ustida), o‘shanaqalari ham did bilan yozilgan. Ko‘rsatuv tasvirga olingan studiya yorug‘, orqada katta ekranlar. Studiyaga berilgan pulni birov yeb ketganga o‘xshamaydi. 
  TVda berib boriladigan moda haqidagi proyektlar ichida sifatlisi, ishtiyoq bilan грамотно yaratilgani deb o‘yladim shu "Ikat"ni. Va buni aytmasam bo‘lmadi.  

Comments

Post a Comment

Popular posts from this blog

O’zimga xat

Namozgar haqida