Nima qilib yurganim haqida.

   Xo‘shshsh. Yozsam yozay. Men hozir ishlamayapman. Ya'ni ertalab turib, biror korxonaga borib, obeddan keyin qaytib kelmayapman. Hozir shunaqa. Oldin ishlaganman. Buyoqda bir-ikki xil ish qilib ko‘rdim. Bittasi oshpazlik edi. Menga yoqqan. Zo‘r. Ishimni ham chin dildan bajarganman. Og‘irroqlarini ham. Aytmoqchimanki, dangasaligimdan emas ishlamayotganim. Shunchaki, bir sohaga qiziqib qoldim. Shu yangilik haqida va bundan keyin nimalarni plon qilayotganim haqida yozay.
    Aslida, bu postni ishlamayotganimga ba'zilarning zimdaan noroziligi - birovga uyda o‘tirganim degradatsiyadek tuyulganidan, boshqa birov Amerikadek pul konidan foydalanmayotganimni aqliga sig‘dirolmaganidan - menga ta'sir qilgani uchun yozishni boshlagandim. Ancha kun oldin. Tutaqib qandaydir. Keyin o‘ylab qarasam, hech kimga hozirda qanday o‘y-fikrlar bilan yashayotganimni tuzukroq tushuntirmagan ham ekanman. Bir urinib ko‘raman.
    Chizishga yoshligimdan qiziqqanman. Stengazetalar ishonilardi. Daftarlarning oxiridan boshlab qariyb o‘rtasigacha rasm chizilgan bo‘lardi. Lekin ustoz ko‘rmaganman. Kelajakda bu ish bilan ketmasligim aniq bo‘lgani uchun. Unda hammasi boshqacha edi. "Rassom faqat Skverda o‘tiradigan odam" degan gaplar to‘g‘ri bo‘lib chiqishi ham mumkin edi. Endi hozir o‘zgargan narsalar haqida.
    Illyustrator. Mana men kim bo‘lmoqchiman hozir. Ishlatadigan programmalari, materiallari va uslublari turli, o‘zi chizgan illyustratsiya(rasm, surat)larni har xil auditoriyaga sotish orqasidan daromad ko‘radigan kichik biznesmen deb tushuntirsam bo‘ladi. Kompyuterdagi har xil programmalarda chizadiganlari, qog‘ozga akvarel, marker yoki yana sonming xil bo‘yoqlar bilan chizadiganlari bor. Mahsulotlarini ijtimoiy tarmoqlardagi folloverlariga, stoklar(mahsulotni sotish uchun mo‘ljallangan maxsus vebsaytlar)ga, buyurtmachilarga yoki shularning hammasiga sotishadi. Hozirda illustratsiyalarning bozori chaqqon, talab ko‘p. Chunki hozir ishlab chiqarilayotgan mahsulotning turi ko‘p. Shu koo‘p turlarning orasidan aynan ularning tovarini sotib olishingiz uchun korxonalarning marketologlari mehnat qilyapti. Aynan unikini olishingiz uchun har xil jalb qiladigan narsalar qo‘shishga majbur bo‘lyapti. Mahsulotni xaridorga chiroyli qilib ko‘rsatish uchun illyustratsiyalardan foydalanishyapti. Illyustratsiya deyapman, o‘zi nimalarni ichiga oladi u? Undan nimalarda foydalanish mumkin o‘zi? Kimga kerak? Javob: illyustratsiyaning xillari va qo‘llanish o‘rinlari shunchalik ko‘pki, bu haqida alohida post yozsa bo‘ladi. Ilojim boricha qisqa tushuntiraman. Komikslar, hikoyalarga rasmlar, shunchaki odamlarning profillari uchun rasmlar, ikonkalar(belgilar), umuman devorga osib qo‘ysa bo‘ladigan rasmlar; har xil o‘ramlar, do‘konlarda ishlatiladigan sumkalar, matolar, uy anjomlari va hokazolarga tushirsa bo'ladigan rasmlar; reklama bannerlari, flayerlar, menyular uchun rasmlar, vebsayt yaratilishida foydalansa bo‘ladigan rasmlar  kabilar- illyustratsiya. Har xil kitob, jurnal, gazetalar, vebsayt yaratuvchilari, biror mahsulot yoki uning o‘ramini yaratuvchi kompaniyalar, eng ko‘p hollarda esa shunchaki chiroyli rasmlarni yoqtiradigan odamlar - illyustratsiyaning xaridorlari. Yana o‘rni kelganda aytib ketsam, rasmlar har xil bo‘lishi mumkin. Qaysidir buyurtmachiga hozir tirilib chiqib keladiganday chizilgan odam kerak bo‘lsa, ba'zilariga qiyshiq chizilgan kichik baqlajoncha kerak. Har xil kontentga talab bor. Faqat illyustrator ikki oyog‘ida mahkam turib, o‘zining ideyasi va/yoki stili bilan ajralib ko‘rina olishi kerak.
    Menga har doim yaxshi maslahat beradigan odamim shu ishni qilib ko‘rishni maslahat berdi. O‘zimizdagi diplomlar bu yerda o‘tmaydi.  Kelgan odam hammasini boshidan boshlashi kerak. O‘zimning sohamda ishlash uchun qayta o‘qishim kerak. Bunga menda hozir na xafsala, na vaqt bor (sohamda ishlay olish uchun institutda yana shuuncha o‘qigani). Yaxshi illyustrator bo‘lish uchun ham ancha yillar ketishi mumkin, to‘g‘ri. Chizaverish, chizaverish va yana chizaverish kerak. Lekin shu vaqt davomida daromad ham ko‘rib turishni ham yo‘lga qo‘yib olish mumkin. Shunday ekan, nega o‘zim qiziqadigan va o‘zim uddalaydigan ishni boshlamasligim kerak? Ayniqsa, bu gullab-yashnayotgan va kelajagi bor soha bo‘lsa. Qancha samouchka (o‘zi o‘rgangan) illyustratorlarni ko‘ryapman. Ularning insta-/videobloglarini kuzatyapman. Ko‘p narsalarni tushuntirishgan; o‘zlarining tajribalari, xatolari, sotish usullari, resurslari, ishlatadigan qalam-u qog‘ozlarigacha hammasini bo‘lishib borishgan. Internetda hamma narsa bor. Plyus, hali sal qo‘lim kelishgach, men ham albatta professional kurslarga boraman. Ustoz ko‘raman. Hozir esa, mendan talab qilinadigani ko‘proq ko‘rib, ko‘proq chizish. Shu. 

   Balki bu postni men o‘qishini xohlagan insonlarim ko‘rmas (katta ehtimol bilan). Lekin yozganim yaxshi bo‘ldi. Fikrlarimni tartibga solib oldim. Endi gapirib bera olaman. Endi, chizdim chizgani ☺

Comments

Popular posts from this blog

O’zimga xat

"Ikat" haqida

"Kozerog qizlarni jinim suymaydi" ning 103 darajasi yohud diskriminatsiya va преджудисga to‘la matn.