Buvi-momolarimiz haqida.


 Buvi-momolarimiz unday bo‘lishgan, munday bo‘lishgan, quyosh nurini yeb, havoni ichishgan degan gaplarni yoqtirmayman. Oy-kuni yetib qolgan ayolga o‘zi bajara oladiganidan ikki baravar og‘irroq ishlarni buyurib, "buvilarimiz dalada tug‘ib, yana paxta terib ketaverishgan" deyishlarini yoqtirmayman. Yeging kelgan biror narsani ayttirib yuborsang, "buvilarimiz qotgan non bilan suvga qanoat qilib ketaverishgan" deyilishini yoqtirmayman. "Buvi-momolarimiz ro‘zg‘or yukini o‘zi tortib ketavergan, buvi-momolarimiz hech kimdan hech narsa so‘ramagan, buvi-momolarimiz hamma narsaga chidagan"... Biror yangi ish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsang, yoki o‘qib savodingni orttirmoqchi bo‘lsang ham shunga o‘xshash birnima. 

 Bularning hammasi rost. Bularning hammasi bo‘lgan. Lekin nimaga? Chunki, buvi-momolarimiz tug‘vorgunicha paxtaga chiqishga majbur bo‘lishgan. Har tong eshigini taqqillatib, o‘lib yotgan odamni ham qamchilab ishga chaqirib yurgan Umar zakunchilar bo‘lgan. Buvi-momolarimiz biror narsa yegisi kelganida, u narsaga shunchaki talon mavjud bo‘lmagan, olibsotarlarda esa shu matoh otamnarxi bo‘lgan. Buvimizning so‘ragani Rafaello emas, bir-ikki davlat narida yashovchi, xuddi uning yoshidagi ayol har kuni noniga surib yurgan saryog‘ bo‘lsa ham. Choyiga qo‘shib ichayotgan bir dona qand bo‘lsa ham. "Otamdan qolgan dalalar"da beshikka yozilgan gaplar bor-ku... Buvi-momolarimiz o‘sha og‘ir ishlarni qilishga majbur bo‘lgan vaqti ularning erkaklari bo‘lmagan. Yo urushda, yo uzzukun paxtazorda bo‘lgan. Buvi-momolarimiz o‘zi o‘ziga erkak bo‘lgan. Buvi-momolarimiz siz aytganingizdek ideal ayollar bo‘lib yashashgan vaqtlari O‘zbekiston sovet davlatlari orasida ayollarning o‘z joniga qasd qilishi bo‘yicha birinchi o‘rinda turgan...

   Olimlarning aytishicha, parvozi bilan yuragimizni entiktiradigan qushlar qachonlardir sudralib yurgan reptiliyalar bo‘lgan ekan. Sekin qanot chiqarib yuksakka ketayotgan odamni ajdodlari yashashga MAJBUR bo‘lgan botqoq yoki qaqragan saxroga tortmang. Buvilarimizni ziqnaligingiz tutgan, hasadingiz kelgan yoki zolim diktator bo‘lib o‘z fikringizni o‘tqazmoqchi bo‘lgan vaqtingizda eslamang. "Buvimiz shu kunlarni ko‘rmay o‘tib ketdi" deb ko‘zingizga yosh olasiz. Bugungi kun xotin-qizlarining boshiga buvimizning kunini tushirib, kulasiz. Ilm-fan ham, muborak Kitob ham har bir oilaning farovon va barakotli bo‘lishi ayoldan ekanligini aytib isbotlab bo‘lishdi. Sizga esa doim oz.
    

Comments

Popular posts from this blog

O’zimga xat

"Ikat" haqida

"Kozerog qizlarni jinim suymaydi" ning 103 darajasi yohud diskriminatsiya va преджудисga to‘la matn.