Closed

  Bilasanmi, kimga o‘xshayman? Hamma akkauntlarni o‘chirib, mobilaning sim kartasini katta qaychi bilan qirqib, uydagi elektr toki simlarini uzib tashlab, hamma eshiklarni yopib, fortochkani ham qoldirmasdan hamma derazalarni zichlab, pardalarni tushirib, bir stulga o‘tirib, qulog‘imga paxta tiqib olgan va shuning ustiga nafas ham olmay turishga urinayotgan odamga o‘xshayman. Qanaqasigami? Masalan, bir fikr xayolimga keladi. Voy deyman, zo‘rdahshatmazzachotkiymotkiyendizo‘rbo‘ladiboplayman deyman, albatta shunday qilishim kerak deyman. Ichimda bayram boshlanadi, chunki ichimda shunaqa roddom bor. Har bir zo‘r fikr tug‘ilganida, u vadavang o‘yin-kulgu, xursandchiliklar bilan olib chiqilib, butuuun tanamga eheheeey yana bir parcha yorug‘lik tug‘ildii deb ko‘rsatish an'anasi bor. Shu bayramning musiqasiga o‘ynayman deb qulochimni eendi yozgan paytim, qo‘llarimga qars etib kaltak tegadi. Bu kaltak ham o‘zimning xayollarim. "Jinnimisan, bu mantiqqa to‘gri kelmaydi, bu falon-falon fikrlarga to‘g‘ri kelmaydi, buning iloji yo‘q, hech kim bunaqa qilmaydi-ku, bunaqa qilsang falonchiga yomon ko‘rinasan, yaxshi qiz bunaqa qilmaydi, bu katta odamning qiladigan ishimas, bu noto‘g‘ri, bu madaniyatdanmas, bu MUMKINMAS" deydigan xayollar. Shunaqasiga avval kichkina fortochkalar, keyin derazalar, keyin eshiklar, keyin quloqlar, keyin nafaslar, keyin ko‘ngillar yopilib ketaveradi. Tepa bilan to‘g‘ridan to‘gri bog‘langan ko‘ngillar yopilib ketaveradi. Shunaqa bo‘laverib, hozir oxiri ongimni hech qanday fikr tug‘maydigan qilib qo‘yibman. Bir chekkadan qarab chiqsam, umrimning juda ko‘p jabhalarida kelajakka orziqtiradigan planlar qilishni xayolimga ham keltirmabman. Yoki orzu qilib qo‘yganlarimni ham har xil logik yechimlar bilan amalga oshmasligiga o‘zimni ishontirib qo‘yib bo‘libman. Nima qilay aytgin, hamma biladigan, hamma qabul qilib bo‘lgan, hamma sakkizyuzmillion marta o‘ylab gapirib amal qilib bo‘lgan, mantiqdan bir gramm ham chetga chiqmagan fikrlar kelmaydi-da mening xayolimga. "Nimaga kelmaydi?" deb o‘zimni urushib, keyin birovning xayoliga qarab, o‘shayoqdan chiqqan o‘ylar bilan yashay boshlayman. Lekin bundan kimga o‘xshab qolganimni o‘zing ko‘rib turibsan.

Comments

Popular posts from this blog

O’zimga xat

"Ikat" haqida

"Kozerog qizlarni jinim suymaydi" ning 103 darajasi yohud diskriminatsiya va преджудисga to‘la matn.